Kaxramonov Boburjon Ro‘ziboyevich (O‘zbekiston) ion-plazma fizikasi, vakuum-yoy razryad jarayonlari va fizik elektronika sohasida faoliyat yurituvchi katta ilmiy xodim hisoblanadi. U Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida 2025-yilda fizika-matematika fanlari bo‘yicha PhD doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan va shu yildan boshlab katta ilmiy xodim lavozimida ilmiy faoliyatini davom ettirmoqda.
Uning ilmiy tadqiqotlari vakuum-yoy razryad sharoitida katod eroziyasi jarayonlarining fizik qonuniyatlarini o‘rganish, ion oqimlari va ularning fazoviy taqsimlanishi, elektrodoldi hodisalari hamda vakuum-plazmaviy usullar yordamida hosil qilingan qoplamalarning strukturaviy va fizik-mexanik xossalarini tahlil qilishga qaratilgan. Shuningdek, u nano va superqattiq qoplamalar hosil bo‘lish mexanizmlarini hamda ularning strukturaviy-morfologik xususiyatlarini chuqur o‘rganadi.
Kaxramonov Boburjon Ro‘ziboyevich Scopus va Web of Science bazalarida indekslangan hamda mahalliy jurnallarda chop etilgan 15 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi. U mahalliy ilmiy loyihalarda ishtirok etgan. Uning tadqiqotlari vakuum-plazmaviy texnologiyalar samaradorligini oshirish, yuqori funksional xossalarga ega qoplamalar olish hamda materiallar sirtini modifikatsiyalashning zamonaviy usullarini takomillashtirishga xizmat qiladi.