Laboratoriya mudiri:
Isxakova Saida Sunnatovna
Fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim. e-mail: saidais@mail.ru
Ko‘patomli faol organik moddalarning qattiq jism sirti bilan vakuum va atmosfera havosi sharoitida turli energiyalardagi o‘zaro ta’sirini o‘rganish sohasida yangi innovatsion uslublarni qo‘llashga o‘tish, olinayotgan natijalarning dunyo natijalariga yetkazish, amaliy sohalarda qattiq jism elektronikasini, spektroskopiyasini o‘rganish metodlari va texnologiyalarini rivojlantirish.
Tadqiqotlar ko‘patomli faol organik moddalar – giyoxvand, psixotrop va toksinlar molekulalarining yangi innovatsion uslublarini tatbiq qilish va yangi turdagi ion manbalari yaratish. Nanoqatlam va nanomateriallarning ikkilamchi ion emissiyasini metall, organik hamda noorganik moddalar klaster ionlari yordamida to‘zg‘itish usulini rivojlantirish. Yarimo‘tkazgichlar, dielektriklar va erkin metall plyonkalar asosida turli metallar ionlarini implantatsiya qilish va purkash natijasida yaratilgan ko‘p qatlamli ko‘p komponentli nanostrukturalarning hosil bo‘lish mexanizmlari, elektron va kristallik xususiyatlarini o‘rganish.
Laboratoriya 1982-yilda akademik U. Kh. Rasulev (1939–2021 yy.) tomonidan tashkil etilgan. Olib borilayotgan fundamental tadqiqotlar fizik elektronika sohasidagi qattiq jism yuzasi bilan ko‘p atomli zarralarning issiqlik va keV (20 keV gacha) energiyalaridagi o‘zaro ta’siri muammolariga bag‘ishlangan bo‘lib, ular murakkab ko‘p atomli molekulalarning adsorbsiyasi va kondensatsiyasi, qattiq jismlarning changlanishi, jumladan ko‘p atomli — klaster ionlar bombardimoni masalalarini qamrab oladi.
Laboratoriya xodimlari olib borayotgan tadqiqotlar natijasida organik va bioorganik molekulalarning dissotsiativ sirt ionlashuvi (DSI) sohasi sezilarli darajada rivojlandi va tadqiqotlarning yangi yo‘nalishi yuzaga keldi — ko‘p atomli molekulalar xossalari hamda ularning sirt bilan o‘zaro ta’sir xarakteristikalarini aniqlash usullarini ishlab chiqishdan tortib, mass-spektrometriya va gaz-analitik asbobsozlikdagi yangi yo‘nalishlargacha.
Ushbu yangi ionlash usulidan foydalanish natijasida dunyo miqyosida o‘xshashi bo‘lmagan yuqori selektiv va yuqori sezgir aniqlash hamda tahlil qilish usullari va qurilmalari yaratildi. Ular qatoriga diod tizimlari, gaz xromatografiyasi uchun detektorlar, dreyf-spektrometrlar, ion harakatchanligi spektrometrlari, mass-spektrometrlar, narkotik va psixotrop moddalarni aniqlovchi indikatorlar kiradi.
Molekulyar bombardimon jarayonida “energetik” (tezlashtirilgan) ko‘p atomli ionlarning qattiq jism yuzasi bilan o‘zaro ta’siri hodisasining fundamental va amaliy jihatlari aniqlangan. Nochiziqli kaskadlar yoki yuqori zichlikdagi kaskadlar – “issiqlik cho‘qqilari” namoyon bo‘lishi kuzatilgan hamda qattiq jismlarning ion changlanishida klaster emissiyasi mexanizmlari tushuntirilgan. Ko‘p atomli zarralarning qattiq jism yuzasi bilan o‘zaro ta’siriga bag‘ishlangan ushbu tadqiqotlar jahon ilmiy hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilgan.
Shuningdek, ionlar va elektronlarning metall hamda kristallarning yupqa plyonkalari orqali o‘tishi va qaytishida energiya yo‘qotishlari, kristallarning turli modifikatsiyalari orientatsiyasiga bog‘liq holda o‘rganilgan. Oje-elektron va mass-spektrometriya usullari yordamida moddalarning element va kimyoviy tarkibini miqdoriy tahlil qilish ishlari olib borilgan. Metallarning yupqa erkin plyonkalari va qatlamli tuzilmalarini olish metodikasi ishlab chiqilib, ularning elektrofizik xossalari tadqiq etilgan. Nanostrukturalarni shakllantirish mexanizmlari va nanomateriallarda o‘lcham effektlarining namoyon bo‘lish qonuniyatlari o’rganimoqda.
“Adsorbsion va emission hodisalar” laboratoriyasida fiziologik faol organik moddalarni tahlil qilish uchun dunyoda o'xshashi bo'lmagan termodesorbsion sirtiy ionlashuv spektrometri (Iskovich) ishlab chiqilgan. Ushbu ixcham qurilma biologik ekstraktlarni va sud-tibbiyot materiallaridagi FFOBni, shuningdek, atrof-muhitdagi toksinlarni yuqori sezgirlikda (10-10 g dan) tahlil qilish imkonini beradi. Giyohvand moddalarni aniqlash chegarasi 0,5 ng/l dan, tahlil vaqti 3 daqiqa, “Druggy-1” dasturiy ta’minotiga ega, statsionar, stol ustiga o‘rnatiladigan variant, iste’mol qilinadigan quvvati 60 Vt.

“Iskovich” spektrometrining umumiy ko'rinishi va ishlash printsipi
Organik birikmalarning Sirtiy ionlashuv jarayonlarini tadqiq qilishda modernizatsiya qilingan, statik magnit mass-spektrometri МИ 1201B («Elektron», Sumi sh., Ukraina) mass spektrometr qurilmasidan foydalaniladi. Sirtiy ionlashuv usuli bilan hosil qilingan ionlar oqimini mass-spektrometr analizatoriga kiritish uchun yagona ion-optik tizim qoʻllaniladi. Ionlarni tezlashtiruvchi potensial Vt.p=2,5-5 keV tashkil etadi va bunda mass diapazoni 1-900 a.m.b. tashkil qiladi, ishchi vakuum (1-3)·10-6 Pa sharoitida saqlandi. Mass analizator magnit maydonida ionlar oqimi 127° burilish burchagiga ega bo‘lgan sektor shaklini egallaydi.
Mass-spektrlarni yozib olish tezlashtiruvchi potensialning doimiy qiymatida magnit maydonini chiziqli o‘zgartirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

МИ 1201B mass spektrometrining umumiy ko‘rinishi
Mazkur qurilma MИ-1201Б bazasida modernizatsiya qilingan yuqori kuchlanishli maydonli sirtiy ionlashuv mass-spektrometr hisoblanadi. Qurilma organik va boshqa moddalarning kuchli elektr maydonidagi sirtiy ionlashuvi jarayonlarini tadqiq qilish uchun ishlab chiqilgan. Tizim tarkibiga yuqori vakuumli ionlash kamerasi, koaksial silindrsimon ion-optik sistema, maydonli sirtiy ionlashtiruvchi emitter, ko‘p kanalli modda kiritish tizimi, ionlarni fokuslovchi va ekstraksiyalovchi linzalar hamda mass-analizator kiradi.
Qurilmada diametri 50 mkm bo‘lgan volfram asosidagi emitter ishlatiladi va uning atrofida 10⁵–10⁶ V/sm gacha bo‘lgan kuchli elektr maydoni hosil qilinadi. Shu sababli molekulalar va atomlarning sirt ionlanishi, termik desorbsiya va ion hosil bo‘lish jarayonlari yuqori aniqlikda kuzatiladi.

МИ 1201Б mass spektrometrining umumiy ko‘rinishi.
Metallar, yarimo‘tkazgichlar va metall-organik plyonkalarni klaster ionlari bilan bombardimon qilishda nochiziqli va noadditiv effektlarni tadqiq etish qurilmasi. Mazkur qurilmada tezlashtirilgan ko‘p atomli, ko‘p zaryadli va klaster ionlarning qattiq jism bilan o‘zaro ta’siri o‘rganiladi. Shuningdek, ikkilamchi emissiya jarayonlari — changlanish (sputtering), ikkilamchi ion, elektron va foton emissiyasi bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi.
Bundan tashqari, qattiq jismlarning aralashma saqlovchi klasterlar va molekulalar ko‘rinishida changlanishidagi nochiziqli noadditiv ortish effektlari kompleks ravishda o‘rganiladi. Ushbu effektlar ikkilamchi ionli mass-spektrometriya (VIMS/SIMS) usulining sezgirligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

МИ 1201T mass spektrometrining umumiy ko‘rinishi.
Kichik burchakli spektrometr qurilmasi universal qurilma bo‘lib, unda oje-elektronlar spektroskopiyasi (OES), elektronlarning xarakteristik energiya yo‘qotishlari spektroskopiyasi (EXEYS), elastik va noelastik qaytgan elektronlar spektroskopiyasi (EQES, NQES), yupqa plenkalardan o‘tgan va qaytgan elektronlar, ionlar spektroskopiyasi kabi usullardan foydalanish mumkin. Mana shu usullar yordamida kristall hamda elektron strukturani, energiya yo‘qotish dispersiyasini, tarkibini tadqiq qilish orqali turli xil tabiatli moddalarning va materiallarning xossalari o‘rganiladi.

Bu universal qurilma o‘ta yuqori vakuumga ega bo‘lib ~ 5×10-9 Pa ni tashkil etadi.
Joriy loyihalar
Tanlangan nashrlar
Laboratoriyamiz Yaponiyaning Yamanashi universiteti huzuridagi Toza energiya tadqiqot markazi bilan ilmiy hamkorlik olib boradi. Hamkorlik doirasida atmosfera sharoitida ishlovchi mass-spektrometrlarda organik birikmalar molekulalarining sirtiy ionlashuvi selektivligiga ta’sir qiluvchi omillarni o‘rganilmoqda, shuningdek, sirtiy ionlashuv jarayonida emitter sirtiga modda molekulalarining o’zgarmas oqimini taminlash maqsadida yangi bug‘latish usullari qo’llanilish jarayonlari o’rganilmoqda.


Laboratoriyamiz O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy muassasalari bilan ilmiy-tadqiqot hamkorligini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, zamonaviy fizika, materialshunoslik, vakuum texnologiyalari, mass-spektrometriya va sirt hodisalari yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy izlanishlar olib boradi.
Jumladan, laboratoriyamiz quyidagi oliy ta’lim muassasalari bilan samarali ilmiy hamkorlik qiladi:
Hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar ishtirokida qo‘shma ilmiy loyihalar, tajriba almashish, ilmiy seminarlar va amaliy tadqiqotlar tashkil etiladi. Shuningdek, laboratoriyamiz olimlari mazkur universitetlarning bakalavr va magistratura bosqichi talabalariga ilmiy rahbarlik qilib, ularning bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini bajarishida yaqindan ko‘maklashib kelmoqda.
Laboratoriyamizda talabalarning zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar bilan ishlashi, eksperimental tadqiqotlar olib borishi hamda ilmiy maqolalar tayyorlash ko‘nikmalarini shakllantirish uchun zarur ilmiy muhit yaratilgan. Bu esa yosh mutaxassislarning ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va ta’lim integratsiyasini mustahkamlash hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilmoqda.
2025-yil 9–11-oktabr kunlari mamlakatimizdagi eng yirik innovatsion tadbirlardan biri – “Innoweek.uz–2025” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi bo‘lib o‘tadi. Mazkur xalqaro platforma respublikada innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, iqtisodiyot tarmoqlariga zamonaviy innovatsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, shuningdek ilm-fan, ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish maqsadida tashkil etilmoqda.
“Innoweek.uz” haftaligi doirasida mahalliy va xorijiy olimlar, innovatorlar, startap loyihalar mualliflari, ishlab chiqarish korxonalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari o‘z ishlanmalari va texnologik yutuqlarini namoyish etadilar.
Ushbu nufuzli tadbirda laboratoriyamiz xodimlari ham faol ishtirok etib, o‘zlarining ilmiy-texnologik ishlanmalari qatorida “Iskovich qurilmasi”ni taqdim etadilar. Mazkur qurilma ilmiy tadqiqotlar jarayonida qo‘llaniladigan zamonaviy eksperimental tizimlardan biri bo‘lib, fizik-kimyoviy jarayonlarni yuqori aniqlikda o‘rganish imkonini beradi.
Tadbir davomida laboratoriyamiz mutaxassislari tomonidan qurilmaning ishlash prinsipi, ilmiy va amaliy ahamiyati, shuningdek undan ilmiy tadqiqotlarda foydalanish istiqbollari haqida ma’lumotlar taqdim etiladi.
Laboratoriyamizning “Innoweek.uz–2025” haftaligida ishtirok etishi ilmiy ishlanmalarni ommalashtirish, innovatsion loyihalarni rivojlantirish hamda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

2026 yil 11 fevralda Hilton mehmonxonasida Xaqaro Ayollar va Qizlar ilm-fan kuni munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Unda The World Academy of Sciences (TWAS), UNESCO, ADB xamda boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari va rahbarlari qatnashdi. SheScience 2026 konferensiyasi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Oila va xotin – qizlar qo‘mitasi xamda Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etildi. Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan ko‘plab yetakchi ayol olimalar va rahbarlar bilan uchrashuv biz uchun katta sharaf bo‘ldi. Ularning ilm-fan rivojida qo‘shayotgan xissasi va kelajak avlodni ilxomlantirish yo‘lidagi say- harakatlari tahsinga loyiq deb o‘ylaymiz. Bizning Laboratoryamiz mudirasi f.-m.f.d.(DSc) Isxakova Saida Sunnatovna bu tadbirda faol qatnashdilar va Mahalliy telekanallarga tadbir va tadbirdan ko’zlangan maqsadlar haqida intervyu berdilar.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining 2025-yil 31-dekabrdagi 02-PA 1/1-4668-son topshirig‘iga asosan 2026-yil 20-21-aprel kunlari Samarqand shahrida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda “Jamoat salomatligi va xavfsizligiga tahdid solayotgan transmilliy giyohvandlik xatarlariga qarshi kurashish” mavzusida xalqaro forumi doirasida sohadagi ilmiy yutuqlar ko‘rgazmasida qatnashildi

Laboratoryamiz professor o’qituvchilari tomonidan chop qilingan monografiyalar.