Tadqiqot mavzusi metallurgik kremniyning etil spirti bilan metall mis ishtirokida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro ta’sirlashuvi orqali trietoksisilan (TES) olish jarayonini o‘rganishga bag‘ishlangan. An’anaviy usullardan farqli ravishda, ushbu jarayonda katalizator sifatida mis xlorid o‘rniga dispers metall mis qo‘llaniladi. Bu esa reaksiya tizimidan xlor saqlovchi komponentlarni butunlay chiqarib tashlash imkonini beradi.
Tadqiqotning asosiy maqsadi metall misning trietoksisilan sintezi jarayoniga ta’sirini o‘rganish, jarayonning optimal texnologik parametrlarini aniqlash hamda maqsadli mahsulot unumdorligini baholashdan iborat. Tadqiqot davomida reaksiyaning kinetik xususiyatlarini o‘rganish, qo‘llanilayotgan katalizatorning samaradorligini aniqlash va hosil bo‘lgan mahsulotlarning tarkibini tahlil qilish rejalashtirilgan.
Mazkur ishning amaliy ahamiyati trietoksisilanni olishning ekologik jihatdan xavfsizroq va texnologik jihatdan soddalashtirilgan usulini ishlab chiqishdan iborat. Taklif etilayotgan usul silanlar hamda kremniy saqlovchi materiallarni sintez qilish texnologiyalarida qo‘llanilishi mumkin bo‘lib, kimyoviy ishlab chiqarish jarayonlarining barqarorligi va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.