• +998 71 262 31 69
  • info@iplt.uz

Institut tayanch doktoranti Minskdagi xalqaro konferensiyada C70 fullereniga oid tadqiqotlarini taqdim etdi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining U.A. Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti tayanch doktoranti Zohiriddin Bekmurodov Belarusda o‘tkazilgan “Молодежь в науке – 2026” xalqaro ilmiy konferensiyasida ishtirok etdi.

2026-yil 13–15-oktyabr kunlari Minsk shahrida Belarus Milliy Fanlar akademiyasi Yosh olimlar kengashi tomonidan tashkil etilgan mazkur XXIII xalqaro anjumanda turli davlatlardan kelgan yosh tadqiqotchilar ilmiy natijalarini taqdim etdilar.

Institutning “Nanomateriallar fotonikasi va spektroskopiyasi” laboratoriyasi tayanch doktoranti Zohiriddin Bekmurodov 13-oktyabr kuni “Fizika-matematika fanlari” sho‘basida “Spectroscopic insight into the aggregation state and optical properties of C70 fullerene in N,N-dimethylformamide solutions” mavzusida og‘zaki ma’ruza qildi. Ma’ruzada C70 fullerenning N,N-dimetilformamid (DMF) eritmalaridagi konsentratsiyasi ortishi bilan ko‘rinuvchan sohada yutilish intensivligi oshishi, spektral polosalar kengayishi va 620–680 nm oralig‘idagi fluoressensiya signali kuchayishi ko‘rsatildi. Ushbu natijalar fullerenning qutbli erituvchi muhitidagi optik xossalari va agregatlanish jarayonlarini o‘rganish uchun ahamiyatlidir.

Ma’ruza tezislari konferensiya materiallarining “Fizika-matematika, fizika-texnika fanlari” yo‘nalishiga bag‘ishlangan 4-qismida (Minsk: “Belaruskaya navuka”, 2026, 4–6-betlar) nashr etildi. Ishtirokchiga konferensiya sertifikati topshirildi.

Tashrif doirasida Minskdagi “Optika, optoelektronika va lazer texnikasi” instituti laboratoriya mudiri o‘rinbosari Viktoriya Malyutina-Bronskaya bilan ilmiy muloqot o‘tkazilib, axborot almashish, istiqboldagi qo‘shma tadqiqotlar va xalqaro ilmiy jurnallarda hamkorlikda maqolalar tayyorlash imkoniyatlari muhokama qilindi.

Mazkur ishtirok institutda olib borilayotgan nanomateriallar fotonikasi yo‘nalishidagi tadqiqotlarni xalqaro ilmiy jamoatchilikka tanishtirish hamda xorijiy ilmiy markazlar bilan aloqalarni rivojlantirishga xizmat qildi.